Endi maktab direktorlariga KPI asosida oylik ustama to‘lanadi
📍 Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 21-oktyabrdagi 662-sonli qaroriga muvofiq, endilikda umumta’lim muassasalari direktor va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari — KPI (Key Performance Indicators) asosida har oylik ustama to‘lovlar bilan rag‘batlantiriladi.
Rahbar xodimlarning faoliyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus metodika asosida baholanadi. Ballar miqdoriga qarab ustama foizi quyidagicha belgilanadi: direktorlar uchun — 3% dan 20% gacha, o‘rinbosarlar uchun esa 2,5% dan 10% gacha. Ustamalar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Shuningdek, direktor yoki o‘rinbosar kamida 9 oy davomida o‘z lavozimida ishlagan bo‘lishi kerak. Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan maktab direktorlari esa ushbu foizli cheklovlardan mustasno bo‘ladi.
📌 Mazkur qaror maktab rahbarlarini samaradorlik, sifat va natijaga yo‘naltirish orqali ta’lim tizimida raqobat va motivatsiyani oshirishga qaratilgan.