18:37 / 25.10.2025
82 090

Nurobodda buzilgan 60 gektar bog‘ ortida nimalar bor?

 


Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanida suv chiqmaydigan 60 gektar joyda tashkil etilgan bog‘ hosili bilan buzib tashlangani haqida video tarqaldi. Murojaatga ko‘ra, hokimlik yerni boshqa tadbirkorga sotib yuborgan.


Ushbu bog‘ Nurobod tumani Sazag‘on massivi hududida joylashgan “Temurjon bog‘lari mevasi” MCHJga tegishli bo‘lib, 2020-yil 29-iyundagi tuman hokimining qaroriga asosan, tuman zaxirasidagi 99,98 gektar yer maydoni yong‘oqchilikni rivojlantirish maqsadida 28 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan.


Nurobod tuman hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, MCHJ tomonidan ajratilgan yer maydonlaridan ijara shartnomasida belgilangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanilmagan. 53,5 gektar yer maydoniga behi va boshqa daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, ular qarovsiz qoldirilgani sababli qurib ketgan. Qolgan 46,48 gektar maydon esa umuman foydalanilmay, yaroqsiz holga kelgan. Shuningdek, MCHJ 2021–2024-yillar davomida yer solig‘ini ham to‘lamagan.


Mazkur holatlar sababli 2025-yil 14-yanvar kuni Nurobod tumani hokimligi “Temurjon bog‘lari mevasi” MCHJ bilan tuzilgan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan. Sud 2025-yil 13-martdagi hal qiluv qarori bilan hokimlikning da’vosini qanoatlantirib, ijara shartnomasini bekor qilgan. Ushbu qaror keyinchalik Samarqand viloyat sudi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan o‘z kuchida qoldirilgan.


Sud qaroriga muvofiq, yer maydoni hokimlik balansiga qaytarilib, 28 gektar yer qonunchilik asosida “Elektron onlayn auksion” orqali savdoga chiqarilgan. 2025-yil 16-sentyabr kuni o‘tkazilgan auksionda tadbirkor Rozikov Shahram Hamzayevich g‘olib deb topilgan va “YU-1293479”-sonli bayonnoma rasmiylashtirilgan.


Hozirda tadbirkor Rozikov Shahram Hamzayevich mazkur hududda yangi bog‘ barpo etish maqsadida yerga ishlov berish, o‘rash va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing