08:55 / 25.10.2025
83 327

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi


 



📍 Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasidagi konsullik muassasalariga soxta hujjatlar taqdim etish holatlari ko‘paygani haqida ogohlantirdi va fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi “hujjat tayyorlash” e’lonlariga ishonmaslikka chaqirdi.


Rossiyada faoliyat yuritayotgan ayrim jinoyatchi guruhlar Telegramdagi virtual guruh va kanallarda “soxta hujjat tayyorlaymiz” mazmunidagi e’lonlarni tarqatayotgani aniqlangan. Qozon shahridagi Bosh konsulxona tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro E.M.R. tomonidan olinmoqchi bo‘lgan “Vatanga qaytish guvohnomasi” soxta ekani aniqlanib, Rossiya Jinoyat kodeksining 322 va 327-moddalari bo‘yicha jinoyatning oldi olindi.


Yana bir holatda fuqaro O.B.B. soxta nikoh asosida X.M.A. nomiga nikoh guvohnomasi rasmiylashtirib, FHDYO organlaridan farzandi O.M.B. uchun tug‘ilganlik guvohnomasini olgani ma’lum bo‘ldi.


Tashqi ishlar vazirligi soxta hujjatlar orqali amalga oshirilgan harakatlar nafaqat fuqarolarning huquqiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, balki jinoyat javobgarligiga olib kelishini ta’kidladi. Bunday holatlar tergov va jinoiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.


Vazirlik fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlariga — konsullik muassasalari, elchixonalar va FHDYO organlariga murojaat qilishni tavsiya etdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda uchraydigan “tez va oson hujjat” e’lonlariga ishonmaslik, shubhali takliflar haqida esa O‘zbekistonning eng yaqin konsullik muassasasiga yoki Tashqi ishlar vazirligiga xabar berish zarurligi eslatib o‘tildi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing