13:10 / 17.10.2025
81 892

2026-yilgi Haj mavsumi uchun yangi tartib joriy qilindi

 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj va Umra markazi ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi 2026-yilgi Haj mavsumi uchun yangi sog‘liqni saqlash tartibini e’lon qildi.


Yangi tartibga ko‘ra, 2026-yilda Haj safariga boruvchi har bir ziyoratchi “Nusuk” platformasi orqali tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risidagi guvohnoma olgan taqdirda haj vizasini rasmiylashtirishi mumkin. Ushbu tizim Haj ziyoratchilarining xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgan.


Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha tegishli idoralarga ziyoratchilarni sinchkov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda Haj safariga borishga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni aniqlash majburiyatini yukladi.


Haj safariga ruxsat berilmaydigan holatlar quyidagilar: dializ talab qiluvchi buyrak yetishmovchiligi, minimal jismoniy yuklamada namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi, surunkali o‘pka kasalliklari va doimiy kislorodga ehtiyoj bo‘lgan holatlar, og‘ir jigar sirrozi yoki jigar yetishmovchiligi, og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar, keksalik demensiyasi, homiladorlikning so‘nggi uch oyligi yoki yuqori xavfli homiladorlik, faol yuqumli kasalliklar (masalan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va boshqalar), shuningdek, faol onkologik kasalliklar yoki kimyoterapiya va immunitetni susaytiruvchi muolajalar jarayonida bo‘lganlar.


Tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan yoki soxta ma’lumot taqdim etgan ziyoratchilar aniqlansa, Haj vazirligi tomonidan belgilangan qat’iy choralar ko‘riladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing