O‘zbekistonda siam egizaklari muvaffaqiyatli ajratib olindi
Chirchiqdagi Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Homiladorlikning 33–34-haftasida “kesarcha kesish” orqali dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘ilgandan 9 soat o‘tib ajratib olindi.
Amaliyot Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi rahbari, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi jamoa tomonidan bajarildi.
Tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqlar umumiy vazni 3,4 kg bo‘lib, ularning jigar, taloq va buyraklari alohida bo‘lgan. Biroq ichak va siydik qopi orqali birlashib ketgani aniqlangan.
Eng xavfli holat — tug‘ruqdan keyin egizaklarni birlashtirib turgan terili parda yorilib, qorin bo‘shlig‘idan suyuqlik chiqishi bo‘lgan. Bu esa ularning hayoti uchun katta xavf tug‘dirgan.
Shunga qaramay, shoshilinch jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilib, egizaklar bir-biridan ajratib olindi.