08:44 / 05.12.2025
249 256

Netflix'ning yangi seriali tomoshabinlarni hayratlantirmadi


2025-yilning 5-dekabr kuni Netflix platformasida "Tark etilganlar" (The Abandons) deb nomlangan tarixiy vestern janridagi serial premyerasi bo'lib o'tdi. Mazkur loyiha "Anarxiya o'g'illari" serialining muallifi Kurt Satter tomonidan yaratilgan.

Serialda bosh rollarni Lina Xidi ("Taxtlar o'yini"), Jillian Anderson ("Maxfiy materiallar"), Nik Robinson va Diana Silvers ijro etgan. Birinchi mavsumning barcha qismlari platformada to'liq mavjud.

Voqealar 1850-yillarning Oregon shtatida sodir bo'ladi. Qattiq iroda egasi Fiona Nolans (Lina Xidi) o'z atrofida jamiyatdan chetlatilganlar guruhini to'plab, Van Ness oilasi kabi ochko'z boylardan yerlarini himoya qilishga harakat qiladi.

Uning asosiy raqibi esa qudratli Konstans Van Ness (Jillian Anderson) bo'lib, uning fitnalari omon qolish uchun kurashni qonli va shafqatsiz jangga aylantiradi. Bu yerda qonun kuchsiz, adolatni esa faqat qurol belgilaydi.

Kurt Satter serial suratga olish jarayoni tugashiga uch hafta qolganida loyiha ustida ishlashni tark etdi. Bunga sabab birinchi qismning kutilmaganda to'liq metrajli film darajasiga cho'zilib ketishi va Netflix bilan kelishmovchilik yuzaga kelganidir.

Natijada serialni yakunlash rejissyor Otto Batherstga topshirildi. Tomoshabinlar Nik Robinson ijro etgan qahramonning familiyasi "Teller" ekanligini darhol payqab qolishdi.

Bu ism "Anarxiya o'g'illari" serialidagi bosh qahramon Jeks Tellerga tegishli. Rasmiy ravishda ikki serial orasida bog'liqlik tasdiqlanmagan bo'lsa-da, muxlislar buni muallifning yashirin ishorasi deb hisoblashmoqda.

Serial Kurt Satterning o'ziga xos uslubini davom ettiradi: jamiyatdan chetlatilganlarning tizimga qarshi kurashi, axloqiy muammolar va oilaviy ziddiyatlar. Biroq bu safar Kaliforniya va mototsiklchilar o'rniga frontir, chang-to'zon va 1850-yillar voqealari tasvirlangan.

IMDb ma'lumotlariga ko'ra, serial 6,3 ball (400 ga yaqin baho) to'plagan. Loyiha aktyorlar tarkibi va vizual uslubi tufayli faol muhokamalarga sabab bo'lsa-da, uning qorong'u ohangi va ishlab chiqarish jarayonidagi qiyinchiliklar tomoshabinlarni ikkiga bo'lgan.


Netflix Seriali, Tarixiy Vestern, Kurt Satter, Fiona Nolans, Oregon Shtati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing