Kristofer Nolan yangi “The Odyssey” filmi uchun ikki million fut kino tasma ishlatdi

Mashhur britaniyalik rejissyor Kristofer Nolan o‘zining eng yirik loyihalaridan biri — “The Odyssey” filmini suratga olish jarayonini yakunlaganini ma’lum qildi.
Rejissyor Empire nashriga bergan intervyusida aytishicha, film uchun ikki million futdan (609,6 kilometr) ortiq kino tasma ishlatilgan. Suratga olish ishlari 91 kun davom etgan bo‘lib, sahnalarning katta qismi haqiqiy ochiq dengizda olingan.
“The Odyssey” — insoniyat tarixidagi eng qadimgi dostonlardan biri bo‘lmish Gomerning “Odisseya” asari asosida yaratilgan yangi talqin. Filmda Met Deymon Odissey rolini ijro etadi. Shuningdek, Tom Holland, Ann Hetuey, Zendaya, Robert Pattinson kabi yulduzlar ham ishtirok etgan.
Nolanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha bolaligida tomosha qilgan afsonaviy sarguzasht filmlariga hurmat sifatida yaratilgan:
“Bolaligimda ko‘rgan o‘sha Harryhausen ruhidagi filmlarni bugungi IMAX va katta budjet bilan hech kim qayta yaratmagandi. Men ana shu bo‘shliqni to‘ldirishni xohlardim,” — dedi rejissyor.
Filmning premyerasi 2026-yil 17-iyul kuni IMAX formatida bo‘lib o‘tadi. Tanqidchilar allaqachon “The Odyssey”ni Nolanning navbatdagi monumental asari deb atamoqda.
Kristofer Nolan, Britaniyalik Rejissyor, The Odyssey, Gomer Asari, I M A X Formati