13:10 / 14.11.2025
1 686

Aktrisa Malika Rahimova: “Kontraktimni to‘lash uchun qorovul bo‘lib ishlaganman”

Aktrisa Malika Rahimova “Mirsodiqova bilan” YouTube loyihasiga bergan intervyusida talabalik yillari, faoliyati va oilasiga doir ochiq mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning aytishicha, o‘qish pulini qoplash uchun supermarketda qorovul bo‘lib ishlashga majbur bo‘lgan. Avvaliga bolalar maydonchasida tarbiyachi sifatida faoliyat boshlagan. Bir necha vaqtdan keyin ma’muriyat uni videokuzatuv bo‘limiga chaqirib, “Bir-ikki haftada ishga o‘rganib olasiz”, deya qorovullikka taklif qilgan.

Rahimova rozi bo‘lib ish boshlagan va hatto o‘g‘irlik holatlarini aniqlashni ham o‘rgangan. Dastlab qo‘rquv bo‘lganini, ammo vaqt o‘tib bu ishlarga ko‘nikib ketganini aytadi. Shundan so‘ng uni temiryo‘l vokzaliga ishga taklif qilishgan. Bu vaqtda u o‘qishni tamomlagan bo‘lib, teatrga borganda shtatda bo‘sh joy yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shu bois vokzalga qaytib, keyinchalik teatr va vokzal ishini bir vaqtning o‘zida davom ettirgan.

Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, teatrda uni darhol shtatga qabul qilishmagan. Bir muddat sinov jarayonida yurgan, keyin esa rejissyor yordamchisi sifatida yarim shtatga olingan. Hozirda u teatrning birinchi toifali aktrisasi sanaladi. Temiryo‘l vokzalida esa to‘liq shtatda ishlab, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida portlovchi moddalarni tekshiruvchi mikroskop uskunasi bilan shug‘ullangan.

Ayni paytda Malika Rahimova tug‘ruq ta’tilida bo‘lib, farzandlari tarbiyasiga e’tibor qaratmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing