15:30 / 19.12.2025
3 255

O‘zbekistonda biznes muhiti yaxshilanmoqda, xizmatlar yetakchilik qilyapti

2025 yil noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy biznes iqlimi indeksi 52 punktni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan bir punktga oshgan bo‘lib, mamlakatda tadbirkorlik muhitida ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini anglatadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 18-dekabr kuni taqdim etgan hisobotga ko‘ra, indeks o‘sishiga eng katta hissani xizmatlar va qurilish sohalari qo‘shgan. Xususan, xizmatlar sektorida biznes faolligi sezilarli oshdi — indeks bir oy ichida 11 punktga ko‘tarilib, 59 punktga yetdi. Bu sohada tadbirkorlar kelajakka nisbatan ehtiyotkor, ammo barqaror optimizmni saqlab qolmoqda.

Qurilish tarmog‘ida ham ijobiy dinamika kuzatildi: indeks 4 punktga o‘sib, 55 punktni tashkil etdi. Bu infratuzilma loyihalari va bozordagi faollik saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida vaziyat nisbatan murakkab. Ushbu tarmoqlarda indeks mos ravishda 48 va 42 punktgacha pasaygan. Bu esa ayrim ishlab chiqarish va agrar yo‘nalishlarda iqtisodiy faollikning sekinlashganini anglatadi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, hozirgi biznes sharoitlari tadbirkorlar tomonidan ancha yaxshiroq baholanmoqda. Mazkur ko‘rsatkich 45 punktdan 50 punktga ko‘tarildi. Respondentlarning qariyb yarmi — 48 foizi hozirgi biznes holatini ijobiy deb baholagan, bu o‘tgan yilga nisbatan 6 punktga yuqori.

So‘nggi chorakda vaziyat yaxshilanganini qayd etgan tadbirkorlar ulushi ham oshdi — 39 foiz. Bu 2024 yil noyabrida qayd etilgan 33 foizlik ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.

Shuningdek, bozorda talab o‘sganini aytgan kompaniyalar ulushi 48 foizga yetdi. Bandlik borasida ham ijobiy o‘zgarishlar mavjud: xodimlar soni oshganini bildirgan tadbirkorlar 24 foizni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilgi 21 foizga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, xizmatlar va qurilish sohalaridagi faollik yaqin oylarda ham biznes muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, sanoat va qishloq xo‘jaligida barqarorlikni tiklash asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi, Biznes iqlimi, Iqtisodiy islohotlar, Xizmatlar sektori, Qurilish tarmog‘i
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing