14:15 / 27.10.2025
81 960

O‘zbekistonda 5 yil ichida 10 ta to‘laqonli islomiy bank tashkil etiladi

 


📍 Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev ma’lum qilishicha, kelgusi besh yil ichida O‘zbekistonda kamida 10 ta to‘laqonli islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bir nechta “islomiy darchalar” an’anaviy banklar tarkibida ochiladi — ularni uchta davlat bankida tashkil etish ko‘zda tutilgan.


2030-yilgacha 10 ta islomiy bank tashkil etilishi kutilmoqda, shuningdek, uchta davlat bankida “islomiy darcha” tizimi joriy qilinadi (banklar nomi hozircha aniqlanmagan). Islom moliyasi yashirin iqtisodiyotdagi mablag‘larni bank tizimiga jalb etishning muqobil mexanizmi sifatida ko‘rilmoqda. Markaziy bank aholining ehtiyojlari va moliyaviy xulq-atvorini ehtiyotkorlik bilan tahlil qilmoqda.


Turdaliyevning ta’kidlashicha, aholining bir qismi islom moliyasi tizimini afzal ko‘radi, biroq bu ularning barchasi an’anaviy bank xizmatlarini butunlay rad etadi, degani emas. “50–60 foiz atrofidagi ko‘rsatkichlar islom moliyasini qo‘llab-quvvatlovchilar sonini bildiradi, ammo an’anaviy banklardan voz kechganlar soni bundan ancha kam,” — dedi u.


Tahlilchilarga ko‘ra, islomiy moliya tizimi joriy etilishi bank sektorida raqobatni kuchaytiradi, moliya tizimining inklyuzivligini oshiradi va O‘zbekistonning iqtisodiyotda shaffoflik hamda diversifikatsiyaga qaratilgan siyosatiga mos keladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing