20:28 / 19.12.2025
3 116

Germaniya Pokistondagi 500 dan ortiq afg‘onistonlikni qabul qilishga tayyor

Germaniya hukumati hozirda Pokiston hududida murakkab va noaniq vaziyatda qolgan 535 nafar Afg‘oniston fuqarosini qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt rasman bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu afg‘on fuqarolari 2021 yil avgust oyida “Tolibon” harakati hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin xavfsizlik masalalari sababli vatanini tark etgan. Ular hozircha Pokistonda vaqtincha istiqomat qilib kelmoqda, biroq huquqiy maqomi aniq emas.

Qabul qilinishi kutilgan shaxslar orasida Germaniya Bundesveri, shuningdek, boshqa xalqaro va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar mavjud. Shu bilan birga, inson huquqlarini himoya qilgan faollar, xotin-qizlar huquqlari uchun kurashgan jamoat arboblari ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Aleksandr Dobrindtning ta’kidlashicha, Germaniya bu fuqarolarni imkon qadar tezroq qabul qilishdan manfaatdor. Ushbu qaror insonparvarlik tamoyillari asosida qabul qilingani qayd etilmoqda.

Avvalroq Pokiston hukumati Germaniya tomonidan ushbu afg‘onlarni dekabr oyi oxiriga qadar qabul qilish talabini qo‘ygan edi. Aks holda, ularni Afg‘onistonga deportatsiya qilish mumkinligi haqida ogohlantirilgan.


Germaniya hukumati, Pokiston hududi, Afg'oniston fuqarolari, Inson huquqlari, Xotin-qizlar huquqlari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing