21:58 / 18.12.2025
2 000

Misrdagi o‘zbekistonliklarga elchixonadan muhim ogohlantirish e’lon qilindi

So‘nggi kunlarda Misrda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlab turilishi bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygani sabab, O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Diplomatik vakolatxona salbiy holatlarning oldini olish maqsadida vatandoshlardan mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda.

Elchixona ma’lum qilishicha, hozirda Misrning Qohira va boshqa yirik shaharlarida migratsiya qonunchiligi hamda jamoat tartibiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar kuchaytirilgan. Ayniqsa, mamlakat hududida noqonuniy bo‘lib turgan, amaldagi viza yoki yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan, shuningdek, jamoat tartibini buzgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qat’iy ma’muriy choralar ko‘rilmoqda. Bu choralar orasida deportatsiya qilish amaliyoti ham mavjud.

Elchixona hozirda ushbu holatlar bo‘yicha Misrning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan muzokaralar olib borayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, diplomatlar barcha o‘zbekistonliklarni ehtiyotkor bo‘lishga va qonun talablariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirmoqda.

Xususan, elchixona Misrda bo‘lib turgan fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjat — pasportni doimo o‘zi bilan olib yurish, mamlakat hududida qonuniy bo‘lish uchun amaldagi viza yoki vaqtinchalik yoxud doimiy yashash ruxsatnomasini (iqoma) rasmiylashtirish, tegishli ruxsatnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaslik, shuningdek, viza va yashash ruxsatnomalarining amal qilish muddatini o‘z vaqtida uzaytirishni qat’iy tavsiya etdi.

Elchixona ta’kidicha, ushbu qoidalarga amal qilish orqali noxush holatlar, jarimalar va deportatsiya kabi og‘ir oqibatlarning oldini olish mumkin.


O‘zbekiston fuqarolari, Misr elchixonasi, Migratsiya qonunchiligi, Jamoat tartibi, Qonun talablariga rioya
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing