20:49 / 14.11.2025
1 372

Dunyoda diabet keskin ko‘paydi: JSST jiddiy ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e’lon qilgan yangicha hisobotga ko‘ra, oxirgi uch o‘n yillikda diabetga chalinganlar soni keskin ortib, 828 million nafarga yetdi. Tashkilot bu o‘sishni xavotirli tendensiya sifatida baholamoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 yoshdan yuqori kattalarning yarmidan ko‘p qismi zarur davolanishni olmaydi. Eng ko‘p diabet qayd etilgan davlatlar ham aniqlangan: Hindistonda 212 million, Xitoyda 148 million, AQSHda 42 million, Pokistonda 36 million, Indoneziyada 25 million va Braziliyada 22 million bemor mavjud.

JSST bu yilgi Jahon diabet kunida “Hayot davomidagi diabet” g‘oyasini ilgari surib, kasallik bilan yashovchi har bir inson to‘liq tibbiy yordam, qo‘llovchi muhit va salomatlikni rag‘batlantiradigan siyosatlarga muhtoj ekanini ta’kidladi. Tashkilotning fikricha, diabetning oldini olish va uni nazorat qilishda umrbod yondashuv muhim.

Shuningdek, 2022 yilda JSST a’zo davlatlari 2030 yilgacha bajarilishi kerak bo‘lgan 5 asosiy maqsadni belgilagan:
— diabetlilarning 80 foizini aniqlash;
— qon shakarini barqaror nazorat qiluvchilar ulushini 80 foizga yetkazish;
— qon bosimi nazoratda bo‘lganlar sonini 80 foizga chiqarish;
— 40 yoshdan oshgan diabetlilarning kamida 60 foizi statin qabul qilishi;
— 1-tur diabetlilarning barchasi arzon insulin va o‘z-o‘zini nazorat vositalariga ega bo‘lishi.

Mutaxassislar bu raqamlar inson salomatligi uchun jiddiy signal ekanini qayd etmoqda.


Jahon Sog‘liqni Saqlash, Diabet Kasalligi, Davolanish Imkoniyatlari, Hindiston Diabet, Umrbod Yondashuv
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing