
Britaniyaning yirik mediakorporatsiyasi BBC Tramp nutqi tahrirlangan holda efirga uzatilgan Panorama dasturi atrofida kelib chiqqan mojaro yuzasidan AQSH prezidenti Donald Trampdan rasman uzr so‘radi. Biroq korporatsiya Tramp talab qilgan miqdordagi tovon pulini to‘lashni mutlaqo qabul qilmadi. BBCning 13-noyabrdagi bayonotida ta’kidlanishicha, videomaterial qanday tarzda montaj qilingani yuzasidan chin dildan afsus bildirilsa-da, tuhmat uchun huquqiy asoslar mavjud emas, degan qat’iy pozitsiya saqlanib qoladi.
BBC rahbariyatidan Oq uyga shaxsiy uzr
BBC Kengashi raisi Samir Shax Oq uyga yo‘llagan maxsus maktubida ham mazkur xatoga yo‘l qo‘yilganini tan oldi va bu holat uchun o‘z nomidan ham, korporatsiya nomidan ham afsus bildirdi. Shu bilan birga, mohiyatan mojaroli hisoblangan dastur endilikda qayta efirga uzatilmasligi, BBC platformalarida esa umuman joylashtirilmasligi ma’lum qilindi.
Masalaga sabab bo‘lgan film
“Tramp: ikkinchi shans?” deb nomlangan hujjatli film BBC efirida 2024 yilgi AQSH prezidentlik saylovlari oldidan namoyish etilgan edi. Filmda 2021-yil 6 yanvar kuni Tramp aytgan nutqning bir nechta qismlari yig‘ilib, yagona fragment sifatida berilishi, tomoshabinlarda Tramp Kapitoliyga qilingan hujum paytida zo‘ravonlikka chorlagan degan taassurotni uyg‘otgan.
Aynan shu montaj Oq uyning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lib, ular BBC’ni “feyk yangiliklar tarqatish”da ayblashdi. Tramp advokatlari esa korporatsiyadan ochiq uzr, raddiya va kompensatsiya talab qilgan. Agar bu amalga oshirilmasa, 1 milliard dollarlik da’vo arizasi yozilishi bilan tahdid qilindi.
Iste’folar va BBC ichidagi silkinishlar
Mojaro ortidan BBC bosh direktori Tim Deyvi ham, BBC News bo‘limi rahbari Debora Terness ham lavozimidan ketishini ma’lum qildi. Deyvi o‘z maktubida BBC xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan “ayrim xatolar”ni tan oldi va umumiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olarini aytdi. Uning ta’kidlashicha, BBCdegi hozirgi tortishuv va tanqidlar uning qarorini tezlashtirgan.
Debora Terness ham alohida bayonot chiqarib, sodir bo‘lgan voqealar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini bildirdi. Biroq u BBC News’ni himoya qilgan holda ish tutgani haqidagi ayblovlarni rad etdi va barcha jarayonda jurnalistik tamoyillarga amal qilganini ta’kidladi.
BBCning qatiy pozitsiyasi: uzr bor, tovon yo‘q
Korporatsiya yomon montajga yo‘l qo‘yilganini tan olgan bo‘lsa-da, qonun nuqtayi nazaridan Tramp tomoni talab qilayotgan tovon to‘lanishi uchun yetarli asos yo‘qligini yana bir bor qayd etdi. BBCning fikricha, mazkur holat axborot tahrirlashdagi xatoga borib taqaladi, ammo u tuhmat darajasiga yetmaydi.
Mojaro qisqa muddat ichida global media va siyosiy maydonda katta muhokamaga aylandi. Tramp tarafdorlari BBCni qattiq tanqid qilar ekan, ko‘plab Britaniya va xalqaro jurnalistlar korporatsiyani axborot shaffofligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani uchun qo‘llab-quvvatlashdi.
BBC va Tramp o‘rtasidagi bahs hali rasman yopilmagan bo‘lsa-da, asosiy nuqta ayon: korporatsiya xatosini tan oldi, lekin tovon puli masalasida orqaga chekinmaydi.
B B C Mojarosi, Donald Tramp, Prezident Saylovi, Axborot Xatosi, Jurnalistik Tamoyillar