Tailandda qo‘lga olingan rossiyalik haker atrofida shov-shuv kuchaydi

Tailand huquqni muhofaza qilish idoralari AQSH talabi asosida yirik kiberjinoyatlarda gumonlangan Rossiya fuqarosini qo‘lga olgani xalqaro muhokamalar markaziga aylandi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 35 yoshli rossiyalikning AQSH va Yevropa davlat muassasalari tizimlariga bir qator yirik kiberhujumlarni amalga oshirganligi ehtimol qilinmoqda. Tailand tomoni uni AQSHga ekstraditsiya qilish jarayonini boshlagan.
Pxuketdagi Rossiya bosh konsulxonasi vakili Yegor Ivanovning ta’kidlashicha, Moskva ushlangan fuqaroga konsullik ko‘magi ko‘rsatish bo‘yicha rasmiy ruxsat olishga harakat qilmoqda. Rossiyalikning kimligi rasman oshkor etilmagan bo‘lsa-da, mahalliy va xalqaro OAV bu shaxs haqida qator taxminlar bildirmoqda.
Tailand kiberpolitsiyasi bergan bayonotga ko‘ra, gumonlanuvchi 6-noyabr kuni FTB agentlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiya chog‘ida Pxuket orolida qo‘lga olingan. U mamlakatga bor-yo‘g‘i bir necha kun oldin — 30-oktyabrda kirib kelgan va Talang tumanidagi mehmonxonada yashab turgan. Tintuv jarayonida hakerga tegishli bir necha noutbuk, smartfonlar va kriptovalyutalar saqlangan hamyonlar aniqlanib, musodara qilingan.
Ish materiallariga ko‘ra, rossiyalikka tegishli kriptovalyuta hisoblarida 14 million batdan ortiq (taxminan 432 ming dollar) mablag‘ muzlatib qo‘yilgan. Tergovchilar bu pullar kiberfiribgarlikdan tushgan daromad bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Ayblanuvchining ismi oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, OAVning ma’lum qilishicha, FTB bazasida bu yoshdagi va shu darajadagi kiberjinoyatlarda qidirilayotgan yagona rossiyalik mavjud — Murmansk viloyatida tug‘ilgan va Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU)ning 26165-harbiy qismi bilan bog‘liq katta leytenant Aleksey Lukashev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu harbiy qism tarkibida «Fancy Bear» yoki «APT28» deb tanilgan, ko‘plab xalqaro kiberhujumlarda tilga olinayotgan hakerlik guruhi faoliyat yuritadi. Ularning nomi AQSHdagi 2016 yilgi prezidentlik sayloviga aralashuv, Demokratik partiya serverlariga kirish, Hillari Klinton shtabi yozishmalarini oshkor qilish va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kampaniyasi bo‘yicha kiberxujumlar bilan bog‘liq tergovlarda ham ko‘p marta uchragan.
FTB hujjatlarida Lukashev aynan shu ishlar bo‘yicha ayblanuvchi sifatida qayd etilgan 12 nafar shaxsdan biri sifatida tilga olingan.
Tailanddagi ushbu qo‘lga olish xalqaro kiberxavfsizlik masalalarida yangi bosqichni ochdi. Tergov davom etar ekan, AQSH, Tailand va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik jarayonlar qanday rivojlanishi barchani qiziqtirib turibdi.