Oʻzbekistonda ikki yilda 18 mingdan ortiq kishi doridan zaharlangan
Oʻzbekistonda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun jarimalarni oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 14-oktyabr kuni deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonunchilik palatasi deputati Tohir Polvonovning aytishicha, retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanishi fuqarolarda turli og‘irlikdagi zaharlanish va o‘lim holatlarini keltirib chiqarmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021–2023-yillarda dori vositalaridan zaharlanganlar soni 18 ming nafardan oshgan, shundan 177 nafari halok bo‘lgan. Tahlillarga ko‘ra, 2022–2025-yillar davomida 18 milliard so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan bo‘lib, 2024-yilda bunday holatlar 2022-yilga nisbatan uch barobarga oshgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana sotish tartibini buzganlik uchun jarimalar miqdori BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha), tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dorilarni esa 100 baravaridan 200 baravarigacha (41,2 mln so‘mdan 82,4 mln so‘mgacha) oshiriladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, agar retsept tartibini buzish holati ma’muriy jazodan so‘ng ko‘p miqdorda takror sodir etilsa, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha (82,4 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha) jarima belgilanishi nazarda tutilmoqda.