Pokiston va Afg‘oniston chegarasida qonli to‘qnashuv: yuzlab harbiylar halok bo‘ldi
Yakshanbaga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi Afg‘oniston bilan chegara hududida yuz bergan to‘qnashuvlarda 200 nafar afg‘on harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Pokiston armiyasi bayonotida qayd etilishicha, to‘qnashuvlar vaqtida 23 nafar pokistonlik askar ham halok bo‘lgan. “Tolibon”ning pozitsiyalari, lagerlari va shtab-kvartiralari, shuningdek, bir nechta terrorchilik tarmoqlariga sezilarli zarar yetkazilgani bildirilgan.
Afg‘oniston hukumati esa Pokistonning bu bayonotini rad etdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududida o‘tkazilgan tungi harbiy operatsiya vaqtida 58 nafar pokistonlik askar yo‘q qilingan. Afg‘oniston tomoni bu operatsiyani Pokiston tomonidan mamlakat hududi va havo makoni takroran buzilganiga javoban amalga oshirilganini bildirdi.
Avvalroq Afg‘oniston hukumati Pokistonni Qobul va mamlakat sharqidagi bozorni bombardimon qilganlikda ayblagan edi. Pokiston esa bu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.